SPORTNING KIKBOKSING TURI BO‘YICHA BAHSLAR DAVOM ETMOQDA
Buxoro viloyatida sport sohasini rivojlantirish hamda yosh avlod ongida sportga bo‘lgan qiziqishni yana-da oshirish maqsadida turli sport musobaqalari o‘tkazilib kelinmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya Qo‘mondoni va O‘zbekiston Kikboksing Assotsiatsiyasi Prezidentining hamkorlik Memorandumi ijrosini taʼminlash maqsadida, joriy yilning 23-24 iyul kunlari Buxoro shahridagi “Amir Temur klubi” sport majmuasida sportning “Kikboksing” turi bo‘yicha Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Kubogi uchun bahslari bo‘lib o‘tdi.
Jahon Kikboksing tashkilotlari assotsiatsiyasi (WAKO) qoidasi asosida va Olimpiya tizimi bo‘yicha o‘tkazilgan mazkur musobaqada 13-35 yoshli sportchilar o‘rtasida 20 ta vazn toifasida 200 dan ziyod yoshlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari o‘zaro jang o‘tkazdi.
Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘lgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida 3-o‘rin viloyat Kikboksing assotsiatsiyasi jamoasi, 2-o‘rin viloyat "Amir Temur klubi" jamoasi, faxrli 1-o‘rinni esa viloyat Milliy gvardiya jamoasi qo‘lga kiritdi.
Bellashuvlar so‘ngida o‘z vazn toifasida ustunlikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar diplom, medal hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.