Surxondaryo viloyatida Milliy gvardiya Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tomonidan harbiy xizmatchi va xodimlar, shuningdek, ularning oila aʼzolari ishtirokida ,,Namunali harbiy oila” ko‘rik tanlovi o‘tkazildi.
Tadbirda ishtirok etgan harbiy xizmatchi va xodimlar hamda ularning oila aʼzolari turli shartlar bo‘yicha bellashishdi. Ishtirokchilar blis-so‘rovnomada o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishgan bo‘lsa, ayollar turmush o‘rtoqlarining harbiy kiyimlarini saf ko‘rigiga tayyorlashda tezkorligini namoyish etishdi. Shuningdek, ular bolalarni o‘z vaqtida maktabga jo‘natish, dars jadvali asosida darsliklarni yig‘ish va ularni tartibli kiyintirish kabi sinovlardan ham muvaffaqiyatli o‘tishdi.
Ularning xatti-harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va maʼrifat markazi eksperti, professor J. Shermuhamedova hamda Milliy gvardiya Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi vakillari tomonidan odilona baholanib borildi.
Viloyat Maʼrifat va maʼnaviyat markazi xonandalari tomonidan kuylangan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlagan bo‘lsa, professor J. Shermuhamedovaning Oila muqaddas qo‘rg‘on ekanligi haqidagi hayotiy hikoyalari barchaga haqiqiy motivatsion mahorat darsi vazifasini o‘tadi.
Tadbir yakunida g‘olib bo‘lgan oilalar munosib rag‘batlantirildi.