Surxondaryo viloyatida jinoyatchilikni oldini olish va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan oʻrganish ishlari olib borildi
Davlatimiz rahbari tomonidan mahallalarni jinoyatdan holi hududga aylantirish boʻyicha qabul qilingan qarorlar ijrosini taʼminlash maqsadida Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari A.Sormonkulov rahbarligida Surxondaryo viloyatida oʻrganish ishlari amalga oshirildi.
Xususan, Termiz shahridagi “Alpomish” va “Boʻston” mahallalarida mahalla yettiligi, shahar Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati hamda mahalla faollari bilan uchrashuv oʻtkazilib, qarorlar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. “Yoʻl xarita”lari asosida jinoyatchilikka qarshi kurashish va profilaktik tadbirlarni kuchaytirish boʻyicha amaliy takliflar berildi.
Shuningdek, “qizil” toifaga kiritilgan Denov tumanidagi “Oʻrikzor” mahallasidagi holat atroflicha oʻrganildi. 2025 yilda sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilinib, ularning kelib chiqish sabablari aniqlandi. Xususan, kuzatuv kameralarining yetarli emasligi, profilaktik hisobdagi shaxslar bilan ishlarning sust tashkil etilgani kabi omillar jinoyat sodir etilishiga sharoit yaratayotgani qayd etildi.
Oʻrganishlar davomida mahalla infratuzilmasini yaxshilash, jumladan, qoʻshimcha videokuzatuv kameralari oʻrnatish, koʻchalarni yoritish tizimini kuchaytirish, patrul xizmatini yoʻlga qoʻyish hamda tadbirkorlik obyektlarini texnik qoʻriqqa olish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, aholi, ayniqsa yoshlar, ayollar va ishsizlar bilan manzilli ishlashni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Oʻrganish yakunida mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, jamoat tartibini taʼminlash va “qizil” toifadan chiqarish boʻyicha hamkorlikda maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilab olindi.