Tarixiy g‘alabaga munosib hissa qo‘shganlar
Qo‘l jangi sport turining xalqaro arenalar tarixidagi 6-jahon chempionati mamlakatimizda ilk marotaba o‘tkazilayotganligi va ushbu xalqaro turnir yilning eng yaxshi musobaqasi bo‘lishi kutilayotganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.
Poytaxtimizning Yunusobod sport saroyida 5-6-7 iyun kunlari 30 dan ortiq xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan 200 dan ortiq sportchilar o‘rtasida qizg‘in va murosasiz janglarga boy tarzda o‘tgan ushbu musobaqa sportchilarimizning tarixiy g‘alabasi bilan yakunlanib, O‘zbekiston aholisiga bayramona kayfiyat ulashdi.
Ushbu musobaqada g‘oliblik uchun bellashib 8 ta oltin, 11 ta kumush va 11 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilarimiz hamda murabbiylarning xursandchiligini tariflash qiyin albatta.
Qo‘l jangi terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilaridan 55 va 70 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritib jahon chempioni bo‘lgan Maftuna Quvondiqova va Kim Sabinalar, 70kg vazn toifasida kumush medalni qo‘lga kiritgan Umida Abdullayeva, 46 va 75 kg vaznlarda bronza medali sohibalari Shirinoy Zoxidova hamda Emine Shmikovalar, shuningdek 80 kg vazn toifasida Muslimbek Xasanov bronza medalini qo‘lga kiritib, jami 2 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medallariga egalik qilgan va tarixiy g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan safdoshlarimizni Milliy gvardiya qo‘mondonligi va shaxsiy tarkibi samimiy qutlaydi!
Kelgusida qo‘l jangi sport turi bo‘yicha erishgan g‘alabalari bilan xalqaro arenalarda O‘zbekiston bayrog‘ini yuqori cho‘qqilarga ko‘tarishda ulkan zafarlar tilaymiz.