TASHVISH TUGMASI ORQALI OLINGAN XABARGA KO‘RA YONG‘INNING OLDI OLINDI
Joriy yilning 7 may kuni tungi 22:52 da Milliy gvardiya Toshkent viloyati bo‘yicha Qo‘riqlash boshqarmasining Yuqori Chirchiq tumani bo‘limiga kelib tushgan tashvish xabariga ko‘ra tezkor guruh voqea joyiga yetib borgan.
Tashvish xabar ushbu tumanning Mustaqillik ko‘chasidagi dehqon bozori hududida joylashgan MCHJ Savdo invest obyektlari biridan kelib tushgan bo‘lib, do‘kon ichidan yong‘in chiqqani maʼlum bo‘lgan. Tezkor guruh tomonidan o‘t o‘chiruvchi guruh chaqirtirilgan, ular yetib kelgunga qadar yong‘inni o‘chirish va yonidagi boshqa obyektlarga o‘tishini oldini olish choralari ko‘rilgan.
O‘z vaqtida yetib kelgan o‘t o‘chiruvchi guruh tomonidan yong‘in bartaraf qilinib, olib borilgan o‘rganishlar davomida obyekt ichida elektr energiyasi simini qisqa tutashuvi natijasida yong‘in sodir bo‘lganligi maʼlum bo‘lgan.