Uch yil davomida Milliy gvardiya tomonidan 1168 nafar harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bandligini taʼminlashda yaqindan ko‘mak berildi.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining oila aʼzolari ishga joylashishi, kasb o‘rganishi va shaxsiy biznesini tashkil etishiga ko‘maklashish, shuningdek, xizmat turar joyi va imtiyozli ipoteka kreditlari bilan taʼminlash, har yili tibbiy ko‘rikdan o‘tishini tashkillashtirish va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish – ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi uch yil ichida Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining 1168 nafar oila aʼzolari ish bilan taʼminlandi. Masalan, ularning baʼzilari maktabgacha taʼlim va taʼlim muassasalarida ish boshlagan bo‘lsa, baʼzilari xususiy sektorda faoliyat yuritishni boshladi, ayrmlari esa harbiy bo‘lim, bo‘linmalar va qismlarda xizmatchi bo‘lib ishlamoqda.
Shu bilan bir qatorda, kasb-hunarni egallashga qaror qilgan harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlariga yangi hunar egallashida amaliy yordam berildi. Uch yil ichida 363 nafar ayollar mono-markaz va kasb-hunar taʼlimi markazlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Hozirgi kunda ayollarimizning aksariyati o‘z mutaxassisligi bo‘yicha muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, Milliy gvardiya mutaxassislari tomonidan xotin-qizlarga huquqiy maslahatlar berilib, biznesni rivojlantirish uchun bank kreditlari olishda, shuningdek, hokimiyat, hududiy davlat organlari bilan hamkorlikda korxona uchun binolar tanlashda ko‘maklashildi.
Bunday tadbirlar tufayli so‘nggi uch yil ichida 26 nafar harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, o‘zini-o‘zi ish bilan band qilgan shaxs maqomiga ega bo‘ldi.
Bugungi kunda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida ishlar jadal davom ettirilmoqda. Shu bilan birga, Milliy gvardiya qo‘mondonligi tomonidan hududiy boshqarmalar va qo‘riqlash bo‘linmalari bilan ochiq muloqotlarda bildirilgan fikr va takliflardan kelib chiqib, ijtimoiy himoya tadbirlarini yana-da takomillashtirish imkoniyatlari izlanmoqda.