Xizmat avtotransportlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi tekshirildi
Milliy gvardiya markaziy devoni tomonidan qurol-yarog‘ va texnikaning kuz-qish mavsumiga o‘tish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugun Toshkent shahar IIBB, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari kuz-qishki mavsumida transport vositalaridan foydalanishga o‘tish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar doirasida haydovchilar va harbiy xizmatchilar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazdi.
Tadbir ishtirokchilari eʼtiboriga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qoidalari yetkazilib, Yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar tushuntirildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilar va haydovchilarga kuz-qish mavsumida avtotransport vositalarini boshqarishning o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Kompleks chora-tadbirlar doirasida avtotransportning holati texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, barcha zarur jihozlar, birinchi tibbiy yordam qutisi va boshqa jihozlarning to‘liqligi tekshirildi.
Qurol-yarog‘ va texnikalarni kuz-qishki mavsumiga o‘tkazish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.