Buxoro shahridagi “Ko‘hna va boqiy Buxoro” majmuasida 3000 nafar yoshlar va mahalliy aholi ishtirokida 3 kmga yurish marafoni bo‘lib o‘tdi.
Mutaxassislarning fikricha hafta davomida atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta o‘lim holatlarini 28 foizga, yurak kasalliklari ehtimolini esa 20 foizga kamaytirar ekan. Haftada kamida 150 daqiqa jismoniy faol bo‘lgan inson kam harakatlanadiganlarga qaraganda sog‘lom bo‘ladi.
Shu maʼnoda, Buxoro shahridagi “Ko‘hna va boqiy Buxoro” majmuasida yurish marafoni tashkil etildi.
Yurish marafonida viloyatning 3000 nafardan ortiq yoshlar va mahalliy aholi ishtirok etdi. Tonggi soat 7:00 da start olgan marafonda sportsevarlar majmuaning so‘lim bog‘ yo‘lkalari bo‘ylab. umumiy hisobda 3 kilometr masofani bosib o‘tdilar. Mingdan ortiq archa, sasna, chinor, gujum singari daraxtlar bilan to‘la bog‘ning tonggi musaffo, kislorodga to‘yingan havosi marafon ishtirokchilariga yaxshi kayfiyat bag‘ishlash bilan bir qatorda, salomatligiga ijobiy taʼsir ham ko‘rsatdi.
Bu kabi marafonlar fuqarolarning jismoniy faolligini oshirish orqali mehnat samaradorligini yaxshilashga, shuningdek, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga keng zamin yaratmoqda.