Qo‘l jangi va boks bo‘yicha Osiyo chempionlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Maʼnaviyat va maʼrifat markazi binosida Milliy gvardiya qo‘mondonining sportchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tantanali tadbirda Qozon shahrida o‘tkazilgan qo‘l jangi bo‘yicha hamda Ommon(Iordaniya)da o‘tkazilgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchilar, terma jamoa murabbiylari, Qo‘l jangi federatsiyasiyasi mutasaddilari hamda xalqaro toifadagi hakamlar munosib taqdirlandilar.
Shu bilan bir qatorda,"Yangi O‘zbekiston" bog‘ida Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan "Yangi nafas" yugurish musobaqasi g‘oliblari: Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari Alina Hakimova va Valentina Kibalnikovalar ham rag‘batlantirildi.
Mazkur taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonligi, Qo‘l jangi federatsiyasi vakillari hamda "Yosh gvardiyachilar" bolalar va o‘smirlar sport maktabi o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida, Milliy gvardiya qo‘mondoni-O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi raisi Rustam Djurayev sportchilarni g‘alaba bilan tabriklab, Osiyo chempionatida erishgan yuksak natijalari,matonati, iroda va g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi uchun minnatdorchilik bildirdi va kelgusi musobaqalarda ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Shundan so‘ng, Osiyo chempionatlari va "Yangi nafas" sport musobaqasi g‘oliblariga II va III darajali "Namunali xizmatlari uchun", "Fidoyi xodimi" ko‘krak nishonlari, qo‘l soati hamda Milliy gvardiya ramzi tushirilgan esdalik sovg‘alari va pul mukofoti topshirildi.
Alohida taʼkidlash joizki, qo‘mondon tomonidan harbiy xizmatchi kichik serjant Normatova Guljahonga jasorat va matonat timsoli bo‘lgan alvon beret tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar esdalik uchun jamoaviy suratga tushdilar.