“Vatan mehri yuragimda” shiori ostida “To‘maris izdoshlari - 2022” Respublika tanlovida Milliy gvardiya ayol harbiy xizmatchilari faxrli 2 o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Joriy yilning 8-9 noyabr kunlari Markaziy harbiy okrug “Forish” dala o‘quv maydonida O‘zbekiston Respublikasi kuch tuzilmalarida faoliyat yuritayotgan harbiy xotin-qizlar o‘rtasida “Vatan mehri yuragimda” shiori ostida “To‘maris izdoshlari – 2022” nomli respublika tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlovda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Davlat bojxona qo‘mitasi vakillari munosib ishtirok etib, ular tomonidan g‘alaba uchun murosasiz bellashuv olib borildi.
Ishtirokchilar 6 ta shart, yaʼni To‘maris siymosini gavdalantirgan holda o‘zlarini tanishtirish, o‘q otish, yaradorlarni jang maydonidan olib chiqish, yugurish, suzish va dala sharoitida mazali taom tayyorlash shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.
Shuni alohida taʼkidlab o‘tish joizki, o‘q otish hamda suzish yo‘nalishlari bo‘yicha harbiy xizmatchilar Z.Teshaboyeva va M.Ibragimovalar eng yuqori natijalarni ko‘rsatib, rekordni yangiladi.
Shuningdek, tanlov davomida qizlar mardlik, jasurlik va zukkolik kabi fazilatlarini namoyish etib, hayʼat aʼzolarining eʼtirofiga sazovor bo‘ldi.
“To‘maris izdoshlari - 2022” Respublika tanlovi qizlarning g‘alabaga bo‘lgan intilishi, yuqori jangovar-axloqiy ruhiyati va yuksak vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, qo‘shinlarda sog‘lom raqobat va o‘zaro musobaqa muhitini yaratish, harbiy xizmatchi ayollarning xizmat nufuzini, Vatanga va o‘z kasbiga bo‘lgan mehr va sadoqat hissini hamda armiyaning professional tayyorgarligini yana-da oshirishiga keng zamin yaratdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra 3-o‘rinni Ichki ishlar vazirligi, 2-o‘rinni Milliy gvardiya jamoasi qo‘lga kiritdi. Birinchi o‘rin Mudofaa vazirligiga nasib etdi.
G‘oliblar diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.