Vatan himoyachilari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash Milliy armiyamizni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biridir
Yurtboshimiz tomonidan barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng islohotlar qatori sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish hamda tibbiyot muassasalarini moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga doir belgilab berilgan ustuvor vazifalarning amaliy ijrosi Milliy gvardiya tizimida ham taʼminlanib kelinmoqda.
Xususan, tizimdagi shaxsiy tarkib va ularning oila aʼzolari hamda soha faxriylariga birlamchi tibbiy yordam koʻrsatish, davolash-profilaktika ishlarini tashkil etish, kasalliklarning oldini olish va davolash ishlarini olib borish maqsadida, 2021 yilning yanvar oyida Milliy gvardiya poliklinikasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi kunda Poliklinikada innovatsion texnologiyalar va zamonaviy tibbiy xizmatlar yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, barcha tor doiradagi mutaxassis shifokorlar, yaʼni terapevt, jarroh, nevrolog, LOR (оtolaringolog), stomatolog, oftalmolog va dermatolog shifokorlar bilan jamlangan hamda barcha shifokorlar zamonaviy klinik-diagnostik tibbiy uskunalar bilan taʼminlangan.
Shuningdek, poliklinikada bemorlarga toʻgʻri va aniq tashxis qoʻyish hamda zarur boʻlgan birlamchi tekshiruvlarni oʻtkazish uchun, bir necha turdagi zamonaviy laborator tahlillar, shuningdek, zamon talablariga mos PSR diagnostikasi, rentgen, ultratovush, EKG, ENMG va EGDFS uskunalari bilan jihozlangan.
Kuni kecha Milliy gvardiya qoʻmondoni general-mayor R.Djurayev ushbu muassasaga tashrif buyurib, oʻtgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Shuningdek, shifokorlar bilan yaqindan suhbatlashgan holda ularning fikr mulohazalari tinglandi hamda mutasaddi rahbarlarning mazkur yoʻnalishdagi chora-tadbirlarni takomillashtirishga oid taqdimoti bilan tanishilib, istiqbolli rejalar va moddiy bazani mustahkamlashga doir qoʻshimcha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tibbiy xizmat sifatiga mutlaqo yangicha yondashuvlar asosida qarash zarurligi, gvardiyachilar va ularning oila aʼzolari salomatligini doimiy taʼminlash esa, ularning jangovar qobiliyatini mustahkamlash uchun muhim va asosiy omil hisoblanishi taʼkidlandi.