VATANPARVAR YОSHLAR – MILLAT TAYANCHI!
Yoshlarni turli yot g‘oyalar taʼsiriga tushib qolmasligining oldini olish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni milliy qadriyatlarimiz, anʼanalarimizga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida, Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan muntazam ravishda maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy tadbirlar va uchrashuvlar o‘tkazilib kelinmoqda. Bunda ayniqsa, uyushmagan yoshlarni keng jalb etish orqali, ularda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, muammolarini o‘rganish, bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Kuni kecha Termiz shahrida ana shunday jihatlarni qamrab olgan navbatdagi tadbirlarning biri bo‘lib o‘tdi. Termiz shahridagi “Shodlik” MFYda istiqomat qiluvchi uyushmagan yoshlar hamda Milliy gvardiyaga biriktirilgan Oltinsoy tumanidagi 2-sonli ayrim fanlarga ixtisoslashtirilgan maktabning “Vatanparvarlik sinfi” o‘quvchilari uchun Termiz shahrining diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalariga sayohat uyushtirildi.
Sayohat davomida yoshlar, Al-Hakim at-Termiziy majmuasi, Xotira xiyoboni hamda tarix va madaniyat muzeyiga tashrif buyurib, buyuk ajdodlarimiz, surxon vohasining tarixi, madaniyati va urf-odatlari, tabiati va hayvonot dunyosi haqida batafsil maʼlumotlarga ega bo‘ldilar.
Tashkil etilgan tadbir, ishtirokchilarga unutilmas voqeliklarga boy bo‘lganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Bunday sayohatlarning davomiyligi yoshlarni maʼnaviyati va tafakkurini boyitib, ularni vatan ravnaqini yana-da taraqqiy topish yo‘lida mard o‘g‘lonlar bo‘lib yetishiga xizmat qiladi