Surxondaryo viloyatida xizmat vazifasini oʻtab kelayotgan harbiy xizmatchi va xodimlar hamda ularning oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasi yuzasidan Termiz shahrida joylashgan “Yoshlar markazi” binosida sayyor qabul va ommaviy uchrashuv tashkillashtirildi.
Mazkur qabulda Respublika Harbiy prokurorining oʻrinbosari Qahramon Isroilov, Milliy gvardiya qoʻmondoning oʻrinbosari Sarvar Mamayusupov hamda Mudofaa vazirligi vakillari, Surxondaryo viloyati Xalq qabulxonasi rahbariyati va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Qabul davomida 435 nafardan ortiq harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari, fuqarolar qatnashib, ularning ayrimlari oʻzlarini qiynayotgan muammolari bilan mutasaddilarga murojaat qildilar.
Ommaviy sayyor qabulda 115 ta murojaat kelib tushdi, shundan 75 tasi joyida ijobiy hal qilindi, 33 tasi boʻyicha tushuntirishlar berildi hamda 7 ta murojaat ijrosi alohida nazoratga olindi.