Farg‘ona viloyatida Milliy gvardiya boshqarmasi va "Ahmad Farg‘oniy" kutubxonasi bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasida harbiy xizmatchilarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish va ma’nan yetukligini oshirish, zehnini charxlash maqsadida "Ahmad Farg‘oniy" nomidagi viloyat kutubxonasi bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Unga muvofiq, 300 dona badiiy va ilmiy mazmundagi yangi kitoblar boshqarma kutubxonasiga keltirildi. Kitoblarning saqlanish sharoiti va foydalanish ko‘lami o‘rganildi.
Harbiy xizmatchilar bilan yangi keltirilgan o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlari yuzasidan bahs-munozara yuritilib, asar yozuvchilarining hayot yo‘llari haqida suhbatlashildi.
Ushbu hamkorlik harbiy xizmatchilarning kitobxonlik savodini oshirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va dunyoqarashlarini kengaytirishga ulkan hissa qo‘shishiga ishonamiz. Harbiy xizmatchilar nafaqat jismonan baquvvat, balki aqlan yetuk va barkamol bo‘lishlari lozim! Shundagina har qanday yovuz kuch oldida mustahkam himoyachi va qalqon bo‘la oladi.