YANGI BINOLAR – YANGI MARRALAR SARI
Shu kunlarda eng ulug‘ va eng aziz bayram – jonajon Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligini munosib kutib olish maqsadida butun mamlakatimiz bo‘ylab katta bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasida qad rostlagan yangi zamonaviy binolar ushbu keng ko‘lamli ishlarning uzviy davomi bo‘ldi.
Bayram arafasida qurib bitkazilgan mazkur binolar Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor R.Djurayev boshchiligida tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Tantanali marosimda Toshkent shahar prokurori U.Qosimov, poytaxt IIBB boshlig‘i, general-mayor A.Tashpulatov, shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor R.Xaydarov, Bektemir tumani hokimi T.Maxamadziyayev va boshqa bir qator mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Davlat madhiyasi yangraganidan so‘ng, qo‘mondon hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari so‘zga chiqib, yaratilayotgan bunday shart-sharoit va qulayliklarning barchasi shaxsiy tarkibni o‘z xizmat majburiyalarini puxta va sifatli bajarishiga undashi hamda faoliyat samaradorligini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Bayramona ruhda o‘tgan tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘iga ko‘ra, xizmat faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgan, fidoiyligi va jonkuyarligi bilan safdoshlariga namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh harbiy xizmatchilarga “Namunali xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni, faxriy yorliq hamda harbiy unvonlar tantanali ravishda topshirildi va barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan bir qator harbiy xizmatchilarga “Alvon beret” kiyish huquqi berildi.
Taqdirlashdan so‘ng, tashrif buyurgan mehmonlar yangi binolarda yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar bilan tanishdi. Xususan, shinam va zamonaviy uslubda qurilgan o‘quv binosi, o‘q otish mashg‘ulotlarini o‘tkazilishi uchun maxsus jihozlangan xona, futbol maydoni hamda zarur sport anjomlari bilan jihozlangan sport va fitnes zallari hamda yotoqxonalar tadbir ishtirokchilariga juda manzur bo‘ldi.
O‘ylaymizki, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan bunday binolar harbiy xizmatchilarning xalqni rozi qilish hamda ularning manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi faoliyatini samarali tashkil etishda muhim qadamlardan biridir.