Yoshlarning bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazishi, ularning maʼnaviy kamolotini yuksalishiga xizmat qiladi
Mustaqilligimizning 32 yilligi bayrami arafasida Sirdaryo viloyati Baxt shahrida joylashgan Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi tarbiyalanuvchilari uchun tashkil etilgan sayohat juda mazmunli o‘tdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘quvchilar dastavval Toshkent shahrida bunyod etilgan Yangi O‘zbekiston bog‘ida bo‘lishdi va u yerda Milliy gvardiya qo‘mondonligi mutasaddi rahbarlari yoshlar bilan samimiy muloqot qilib, sovg‘alar taqdim etishdi.
Shundan so‘ng, tarbiyalanuvchilar hiyobonda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishib, bog‘dagi sunʼiy ko‘l, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, amfiteatr, favvoralar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, hunarmandchilik do‘konlarini tomosha qilishdi.
Shuningdek, «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi hamda uning hududidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyiga bo‘lgan tashrif bo‘lsa, tarbiyalanuvchilarni moziy bilan yuzlashishiga sabab bo‘ldi. O‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi shonli tarixini, ona xalqimizning qahramonligini yaxlit aks ettirgan mazkur majmua o‘quvchilarda yorqin taassurotlar qoldirdi.
Tadbir so‘ngida, harbiy qismda namoyish etilgan konsert dasturi hamda ko‘rgazmali chiqishlar tarbiyalanuvchilarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini yana-da ortishiga turtki bo‘ladi deb ishonamiz