YОSHLAR BANDLIGINI TAʼMINLASH YO‘LIDA
Joriy yilning 14 fevral kuni Navoiy viloyatida Milliy gvardiya, Harbiy prokuratura, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari hamkorligida ehtiyojmand oilalarni va uyushmagan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni harbiy qism va muassasalardagi bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish orqali bandligini taʼminlashga ko‘maklashish maqsadida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Tadbirda 50 nafar ishsiz va uyushmagan yoshlarga viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi, uning tuman va shahar bo‘limlarida hamda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi. Shu joyning o‘zida ularning 44 nafari bilan mehnat shartnomasi imzolanishiga erishildi.
Shuningdek, Milliy gvardiya Qo‘riqlash boshqarmasi tarkibidagi harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatiga 90 dan ortiq uyushmagan yoshlarga kasbiy tanlovda ishtirok etish uchun yo‘llanmalar berilib, tadbirga tanlov hayʼati tarkibi ham taklif etildi va xizmatga kirish istagidagi har bir nomzod bilan o‘tkazilgan tanlovning suhbat bosqichida 40 nafar yoshlar muvaffaqiyatli o‘tishdi. Yaqin kunlarda ularning jismoniy tayyorgarlik sinovini yaxshi baholarga topshirganlari xizmatga qabul qilinadi.