Yoshlar orasida maʼnaviy muhitni yanada yuksaltirish, ularni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida Milliy gvardiya Harbiy musiqa akademik litseyida “Maʼnaviyat festivali” keng koʻlamda tashkil etildi.
Ushbu festival “Biz yangi Oʻzbekistonning baxtiyor farzandlarimiz” shiori ostida oʻtkazilib, u nafaqat bayramona tadbir, balki maʼnaviyat, sanʼat va milliy anʼanalar uygʻunligini oʻzida mujassam etgan katta madaniy loyihaga aylandi.
Festival doirasida bir qator mazmunli va rang-barang tadbirlar tashkil etildi. Xususan, milliy oʻyinlar va sport musobaqalari, muzey va teatrlarga tashriflar, “Balli qizlar” va futbol boʻyicha “Direktor kubogi” uchun bellashuvlar oʻtkazildi. Shuningdek, bolalar nigohida “Navroʻz olami” mavzusida suratlar tanlovi hamda bilimlar viktorinalari yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etishga xizmat qildi.
Festivalning eng yorqin qismlaridan biri — “Sumalak sayli” boʻlib, u milliy qadriyatlarimiz va Navroʻz anʼanalarining ajralmas qismi sifatida barchada iliq taassurot qoldirdi. Shu bilan birga, “Koʻklam neʼmatlari” dasturxoni, kitoblar koʻrgazmasi va savdosi, yosh ixtirochilar ishlari, rassomlar koʻrgazmasi hamda milliy liboslar namoyishi tashkil etildi.
Tadbir doirasida oʻtkazilgan teatrallashtirilgan konsert dasturi alohida ahamiyat kasb etdi. Unda turli hududlardan tayyorlangan badiiy-musiqiy chiqishlar, milliy qoʻshiq va raqslar, xalq cholgʻulari ijrosi namoyish etildi. Karnay-surnay sadolari, “Lezginka”, “Xorazm lazgisi”, “Andijon polkasi” kabi raqslar va qoʻshiqlar tomoshabinlarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.
Shuningdek, “Muay tay” sport zali ochilishi kabi muhim voqealar ham festivalga alohida mazmun baxsh etdi. Bu esa yoshlarning nafaqat maʼnaviy, balki jismoniy jihatdan ham barkamol boʻlib voyaga yetishlariga xizmat qiladi.
“Maʼnaviyat festivali” — bu faqat tadbir emas.
Bu — milliy oʻzligimizni anglash, qadriyatlarimizni asrash va yosh avlod qalbiga vatanparvarlik, sadoqat va yuksak maqsadlar ruhini singdirish maydonidir.
Milliy gvardiya Harbiy musiqa akademik litseyida oʻtkazilgan mazkur festival barcha ishtirokchilar va mehmonlar qalbida unutilmas taassurot qoldirdi.
Kelajakni yaratayotgan yoshlar — aynan shunday maʼnaviy muhitda tarbiya topadi.