YOZGI TAʼTILDA BOLALAR – SPORT BILAN HAMNAFAS
Yozgi taʼtilni barcha bolalar orziqib kutishadi. Boisi yil davomida o‘qib-izlanib tinim bilmagan yigit-qizlar uch oy davomida madaniy hordiq chiqarib, yangi o‘quv yili uchun tayyorgarlik ko‘rishadi.
Bolajonlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun esa oromgohlar ayni muddao. Madaniy, maʼrifiy tadbirlar, sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari davomida yosh avlod vakillari har tomonlama toblanadilar.
Joriy yilning 16 iyun kuni Farg‘ona viloyat Rishton tumani “Avtomobilchilar” oromgohida dam olayotgan yoshlar o‘rtasida sportning mini futbol turi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.
Musobaqada 14-15 yoshdagi o‘g‘il bolalardan tuzilgan jamoalar o‘rtasida qizg‘in bahslar kechib, yakunda faxrli I, II, III o‘rinlarni egallagan jamoalarga Milliy gvardiya rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, Milliy gvardiya Farg‘ona mintaqaviy o‘quv markazi xodimlari, Qo‘riqlash boshqarmasi hamda Milliy gvardiya “Dinamo” JTSJ kengashi bilan hamkorlikda yoshlarni vatanparvarlik ruxida tarbiyalash, vatanga bo‘lgan daxldorliki hissini yana-da kuchaytirish, yoshlar o‘rtasida sportni keng targ‘ib qilish, ularni sportga qiziqtirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkillashtirish maqsadida yozgi oromgohda sport to‘garaklarining doimiy faoliyati yo‘lga quyilgan.