YURT TINCHLIGI SADOQATLI HARBIYLARDA, ERTASI YoSHLAR QO‘LIDA
Milliy gvardiya Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida Navoiy shahridagi 13-sonli umumtaʼlim maktabida “Mening otam yurt himoyachisi” shiori ostida davra suhbati tashkil etildi.
Unda davlat va jamoat tashkilotlari, Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilari hamda mahalladagi nuroniy otaxonlarning ishtirok etishi uchrashuvga yana-da mazmun bag‘ishladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar hozirgi kunda harbiy xizmatchilarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ona Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat faoliyatini olib borayotgan o‘g‘lonlar haqida faxr bilan so‘zlab berishdi. O‘quvchi yoshlarni ilg‘orlar izidan ergashishga, vatanparvar bo‘lishga daʼvat etishdi.
Yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan sport musobaqalari, harbiylar tomonidan tashkillashtirilgan jangovor chiqishlar hamda qurol-aslahalar namoyishi o‘quvchilarning harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishlarini yana-da oshirdi.