Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik S.Mamayusupov Toshkent viloyatidagi maktablarga biriktirilgan inspektor-psixologlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Yig‘ilishda maktab inspektor-psixologlarining 2023-2024-yil yakunlari bo‘yicha faoliyati yakunlari muhokama qilindi. Tahlillarda maktablarda davomat sezilarli darajada oshgani taʼkidlandi. Jumladan, joriy yilning mart oyida o‘quvchilarning 30 foizdan ortig‘i sababsiz darslarga qatnashmagan bo‘lsa, olib borilgan tadbirlar natijasida 25 may holatiga ko‘ra davomat 98,5 foizni tashkil etgan. Bu Milliy gvardiya, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda “mahalla yettiligi”ning samarali hamkorligidan dalolatdir.
Shu bilan birga, o‘quvchi yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, uzoq muddatga chet el davlatlariga chiqib ketgan va u yerda noqonuniy bo‘lib turgan voyaga yetmaganlarni yashash joyiga qaytarish va taʼlimga jalb etish vazifasi dolzarbligicha qolmoqda. Qo‘mondon o‘rinbosari, inspektor-psixologlar va “mahalla yettiligi” o‘smirlarning ota-onalari va yaqinlari bilan profilaktik tushuntirish ishlarini olib borishi, ularni yashash joyidagi umumtaʼlim maktablarida navbatdagi o‘quv yilida o‘qishni davom ettirishiga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, inspektor-psixologlarning bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olayotgan o‘quvchilar bilan madaniy-maʼrifiy, sport va vatanparvarlik tadbirlarini muntazam olib borishi kerakligi aytib o‘tildi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda Milliy gvardiya inspektor-psixologlarining xizmat intizomini mustahkamlash, jismoniy va jangovar tayyorgarligi sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Konstruktiv tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda boshqa dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.
Bunday uchrashuvlar respublikamizning boshqa hududlarida ham o‘tkazilmoqda.