O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonligi tashabbusi bilan Milliy gvardiya Maʼnaviyat va maʼrifat markazi binosida “O‘quvchi yoshlar bilan ishlashning innovatsion tizimi, ularni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning zamonaviy psixologik-pedogogik usullari: Muammo va yechimlari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari, falsafa fanlari doktori, polkovnik S.Mamayusupov, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va Maktab taʼlim vazirining o‘rinbosari F.Boqiyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi deputati, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi aʼzosi T.Choriyev hamda O‘zbekiston Mahallalari uyushmasining mahallalarda ijodiy jamoalar faoliyatini tashkil etish va takomillashtirish guruhlari rahbari A.Sobirovlar ishtirok etdi. Shuningdek, konferensiyada 30 dan ortiq vazirlik va idoralar mutaxassislari, harbiy va fuqarolik oliy taʼlim muassasalari falsafa va fan doktorlari, professor o‘qituvchilari o‘z maʼruzalari bilan qatnashdi.
Recpublika ilmiy – amaliy konferensiyasi:
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning intellektual jihatdan kamol topishini va maʼnaviy yuksalishini taʼminlash;
Voyaga yetmaganlar yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik sodir etilishining barvaqt oldini olish bo‘yicha taʼsirchan mexanizmini ishlab chiqish;
Inspektor – psixologlar, mahalla yettiligi hamda maktab maʼmuriyati o‘quvchi yoshlar bilan yangicha ishlash mexanizmini takomillashtirish yo‘nalishlarida bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya davomida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Oliy Majlisi qonunchilik palatasi, Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi mutaxassislari va professor o‘qituvchilari tomonidan “Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning huquqiy, pedagogik – psixologik asoslari”, “Maktab o‘quvchilari viktimligining profilaktikasi va ularni zararli xurujlardan himoya qilishga doir yaratilayotgan dasturiy taʼminot taqdimoti”, “Yoshlar orasida radikalizmni oldini olishning dolzarb masalalari”, “O‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda taʼlim tashkilotlarining mahalla yettiligi bilan hamkorligi”, “Milliy gvardiya inspektor – psixologlarining bugun kunidagi faoliyati: Muammo va yechimlar”, “O‘quvchi yoshlar orasida oshayotgan jinoyatchiliklarni o‘sish tendensiyasining sabablari hamda ularning yechimi” mavzularida maʼruzalar qilindi.
Maʼruzalarda notiqlar yoshlar bilan ishlashda amalga oshiriladigan mexanizmlar haqida ham to‘xtalib o‘tishdi. Ayniqsa ular uchun yaratiladigan tarbiya borasidagi milliy kontentlar, platformalar va dasturiy taʼminotlar borasida aniq takliflar berildi.
Ilmiy-amaliy anjuman davomida ushbu tizimda yangi yondashuvlar, innovatsion yechimlar, o‘zaro hamkorlik masalalarini yana-da kuchaytirish borasidagi ilmiy qarashlar muhokama etildi. Konferensiya jarayonlari bahs munozaraga boy tarzda o‘tdi va yakunlari bo‘yicha taklif va tavsiyalar olinib, amaliyotga joriy etilishiga kelishib olindi.