Jamoat tartibini ta’minlash va jinoyatchilikni barvaqt oldini olishga qaratilgan manzilli ishlar davom ettirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining PQ–2 sonli qarori ijrosi yuzasidan hududlarda manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Namangan viloyatida respublika ishchi guruhi hamda viloyat hokimligi hamkorligida jamoat tartibini ta’minlash va jinoyatchilikni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliy va tanqidiy muhokama qilindi.
Tahlillar natijasida ayrim hududlarda qaror talablarini to‘liq va sifatli ta’minlash borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani, mas’ul tashkilotlar tomonidan ijro intizomi yetarli darajada ta’minlanmayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, qaror ijrosini to‘liq ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash hamda belgilangan topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilish yakunida barcha mas’ul tashkilot va mansabdor shaxslarga PQ–2 sonli qaror ijrosini so‘zsiz ta’minlash, mavjud kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish hamda bu borada shaxsiy javobgarlikni kuchaytirish yuzasidan qat’iy topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B. Valiyev hamda Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik A. Sormonkulov rahbarligida Namangan viloyatida o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
Xususan, Namangan shahridagi “Chorsu” mahallasida mahalla yettiligi, mahalla faollari hamda ushbu hududga biriktirilgan mas’ullar bilan uchrashuv o‘tkazilib, qarorlar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Uchrashuv davomida “Yo‘l xaritalari” asosida jinoyatchilikka qarshi kurashish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish hamda mahallalarda manzilli ishlarni tashkil etish yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar berildi.
Yakunda mas’ul rahbarlar tomonidan mahallalarda jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish hamda jamoat tartibini ta’minlash borasida barcha kuch va vositalarni samarali safarbar etish zarurligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, mahallalarni jinoyatdan holi hududga aylantirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni tizimli va manzilli tashkil etish, aholi bilan yaqindan ishlash hamda ijro intizomini yanada mustahkamlash ustuvor vazifa etib belgilandi.