Milliy gvardiya tizimida “Dovyurak jangchi” intensiv sinovlari o‘tkazildi va unda muvaffaqiyatli ishtirok etgan gvardiyachilar munosib rag‘batlantirildi
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 dekabrdagi PQ-40-son Qarori talablarining amaliy ijrosi doirasida Milliy gvardiya tizimida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Dovyurak jangchi” intensiv sinovlari — gvardiyachilarning jangovar, jismoniy va ruhiy tayyorgarligini sinovdan o‘tkazadigan muhim tadbirlardan biriga aylangan.
Bu yil, Navoiy viloyatidagi Milliy gvardiya “Karmana” dala-o‘quv poligonida bo‘lib o‘tgan mazkur sinovlarda 179 nafar gvardiyachi ishtirok etdi. Ular orasida 142 nafari — ya’ni 80 foizi — “Dovyurak jangchi” unvoniga sazovor bo‘ldi.
Alohida ta’kidlash lozimki, jasorat, mahorat va chidamlilikni talab qiluvchi ushbu “Dovyurak jangchi” sinovlarida, gvardiyachi yigitlar qatori mard va jasur qizlarimizning ham ishtirok etishi, qo‘mondonlik tomonidan tizimda gender tenglikni ta’minlashga qaratilayotgan chora-tadbirlarning yaqqol namunasi hamda amalga oshirilayotgan ishlarning samarasidir. Xususan, o‘tgan yili ushbu sinovlarda ilk bor kapitan I.Asilova ishtirok etib, o‘zining matonati hamda tayyorgarligi bilan barchaga namuna bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda III darajali serjant G.Naimova ushbu muhim sinovlarda munosib qatnashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Uch bosqichda o‘tkazilgan, o‘ttizdan ortiq shartlarni o‘z ichiga olgan, xususan, kompleks kuch mashqlari, 30 km masofaga piyoda yurish va yugurish hamda yagona to‘siqlar yo‘lagida umumiy nazorat hamda o‘qotar qurollardan amaliy otish mashqlari, shuningdek, pichoq uloqtirish kabi intensiv sinovlarda har bir harbiy xizmatchi jangovar ruh, matonat, shijoat bilan o‘z imkoniyatlarini amalda namoyon etdi.
Sinovda yuqori natijalarni qayd etgan va “Dovyurak jangchi” unvoniga sazovor bo‘lgan gvardiyachilarni taqdirlash maqsadida Milliy gvardiya Markaziy devonida tantanali tadbir tashkil etildi. Unda, Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev so‘zga chiqib, gvardiyachilar tomonidan namoyon etilgan tayyorgarlik, intizom va sadoqatni yuksak baholadi va “Dovyurak jangchi” ko‘krak nishonlari tantanali ravishda o‘z egalariga topshirildi.
Milliy gvardiya tizimida shijoat va mas’uliyat, jasorat va vatanparvarlik ramziga aylangan “Dovyurak jangchi” unvoni harbiy xizmatchilarni yangi yutuqlar sari ruhlantirayotgani barobarida, ularning Burch, Sadoqat, Jasorat shiori ostida fidokorona xizmatini munosib rag‘batlantirishda ham muhim o‘rin tutadi.