Milliy gvardiya tizimida Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi
Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yillik bayrami “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya asosida keng nishonlanmoqda.
Ulug‘ ayyom munosabati bilan Milliy gvardiya tizimida ham tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, yuksak natijalarga erishayotgan harbiy xizmatchilarning mehnati munosib eʼtirof etildi.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etish, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligini taʼminlash yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mamlakatimiz xavfsizligi va jamoat osoyishtaligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar asosida tashkil etilgan Milliy gvardiya qisqa vaqt ichida mamlakatimiz xavfsizlik tizimida munosib o‘rin egalladi. Bugun gvardiyachilar yuksak jangovar tayyorgarlik, qatʼiyat, jasorat va Vatanga sadoqat timsoli sifatida xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ishonchli himoya qilib kelmoqda.
Tantanali marosimda Prezidentimizning tegishli farmonlariga muvofiq, Milliy gvardiya tizimida xizmat vazifalarini namunali bajarib, yuksak natijalarga erishayotgan 13 nafar harbiy xizmatchi davlat mukofotlari bilan taqdirlangani qayd etildi. Ular “Do‘stlik” ordeni, “Jasorat”, “Sodiq xizmatlari uchun” va “Shuhrat” medallariga munosib ko‘rildi.
Milliy gvardiya Markaziy devonida o‘tkazilgan tadbirda davlat mukofotlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni general-polkovnik B.Tashmatov ishtirok etib, barcha shaxsiy tarkibni Mustaqillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Shundan so‘ng davlat mukofotlari bilan taqdirlangan harbiy xizmatchilarga orden va medallar topshirildi.
Tantanali marosimning eng taʼsirli lahzalaridan biri Vatan himoyasi yo‘lida xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchining ota-onasiga “Shuhrat” medalining topshirilishi bo‘ldi.
Mazkur mukofot marhum harbiy xizmatchining Vatan oldidagi fidokorona xizmatiga berilgan yuksak baho, uni voyaga yetkazgan ota-onasiga ko‘rsatilayotgan cheksiz hurmat va ehtiromning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Shuningdek, Milliy gvardiya tizimida xizmat qilayotgan 600 nafardan ziyod harbiy xizmatchiga O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi esdalik nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, tizim rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan harbiy xizmatchilar hamda soha vakillari ham idoraviy mukofotlar bilan taqdirlandi. Bir qator harbiy xizmatchilarga navbatdagi polkovnik harbiy unvonlari ham tantanali ravishda topshirildi.
Milliy gvardiya saflarida xizmat qilayotgan har bir harbiy xizmatchi uchun Vatan taqdiri, xalq tinchligi va yurt osoyishtaligini taʼminlash eng oliy maqsad sanaladi. Taqdirlash marosimida yangragan ezgu tilaklar, topshirilgan har bir mukofot va harbiy unvon ortida Vatanga sadoqat, yuksak masʼuliyat va fidokorona mehnat mujassam.
Tadbir yakunida Milliy gvardiya Markaziy devonidagi Xotira burchagiga gullar qo‘yilib, yurt tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida jonini fido qilgan qahramonlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi.