O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va O‘zbekiston Uloq-ko‘pkari Federatsiyasi o‘rtasida memorandum imzolandi
Joriy yilning 7 iyul' kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Uloq-ko‘pkari Federatsiyasi o‘rtasida o‘zaro faoliyatlarni qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik aloqalarni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Uchrashuvda Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djuraev va Uloq-ko‘pkari Federatsiyasi prezidenti N.Djuraevlar ishtirok etib, ular tomonidan so‘nggi yillarda davlatimizda Uloq-ko‘pkari o‘yinlariga e'tibor qaratilayotganligiga alohida urg‘u berildi. Shuningdek, har bir viloyat markazida chavandozlar maktabi va barcha tumanlarda sport seksiya hamda klublar faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan tegishli masalalar muhokama qilindi.
Suhbat davomida joriy yilning mart oyida Toshkent viloyati Piskent tumanida Milliy gvardiya qo'mondoni Кubogi uchun o‘tkazilgan uloq-ko‘pkari musobaqasi eslab o‘tilib, bu kabi tadbirlarni barcha viloyatlarda mavsumiy va doimiy ravishda o‘tkazilishi hamda uning tashkiliy masalalari yuzasidan kelishib olindi.
Mazkur memorandum kelgusida Milliy gvardiya bo‘linmalarida “Uloq-ko‘pkari” sport turini rivojlantirish, uyushmagan yoshlarni ushbu sport turiga keng jalb etish, iste'dodli yoshlarni saralab olish va xalqaro musobaqalarga tayyorlash, shuningdek ularni kelgusida Milliy gvardiya saflarida xizmat qilishiga zamin yaratishga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va O‘zbekiston Uloq-ko‘pkari Federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning bugungi kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi:
1. Yoshlar ishlari agentligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Sport kurashlari assosiasiyasi hamda Dzyudo federatsiyasi,
2. Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasi,
3. O‘zbekiston Djit-Kun-Do Federatsiyasi,
4. O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi hamda O‘zbekiston polo federatsiyalari bilan o'zaro hamkorlik memorandumlari imzolagan.