Milliy gvardiya Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasiga qarashli “Karmana” dala oʻquv markazida Milliy gvardiya boʻlinmalarida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, keyingi xizmat faoliyatini davom ettirish maqsadida yangi qabul qilingan harbiy xizmatchilar uchun oʻquv yigʻini oʻtkazildi.
Qirq besh kun davomida bildim va koʻnikmalarini mustahkamlagan gvardiyachilarning tantanali “Milliy gvardiyaga qasamyod” marosimi yuqori ruhda oʻtkazildi.
Ushbu muhim tadbir Vatan oldidagi burch va sadoqatni yana bir bor mustahkamlash, yosh harbiy xizmatchilarda masʼuliyat hissini kuchaytirish hamda ularni xizmat faoliyatiga ruhiy va maʼnaviy jihatdan tayyorlashga qaratilganligi bilan ahamiyatli boʻldi.
Marosimda Milliy gvardiya qoʻmondonligi vakillari, Navoiy viloyati hokimligi masʼullari, Harbiy prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi viloyat boshqarmasi, Mudofaa ishlari boʻlimi vakillari, shuningdek, Nuroniylar kengashi aʼzolari, faxriy mehmonlar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik va yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida mehmonlar uchun oʻquv markazida tashkil etilgan koʻrgazmali mashgʻulotlar namoyish etildi. Unda harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar tayyorgarlik elementlari, maxsus taktik harakatlar hamda amaliy oʻquv jarayonlari koʻrsatib berildi. Ushbu chiqishlar ayniqsa ota-onalar va yosh tomoshabinlarda katta taassurot qoldirib, Milliy gvardiyada olib borilayotgan zamonaviy tayyorgarlik tizimi haqida yanada keng tasavvur hosil qildi.
Shundan soʻng harbiy orkestrning tantanavor kuy-qoʻshiqlari ostida shaxsiy tarkib belgilangan saf maydoniga tartibli ravishda saf tortdi. Qasamyod jarayoni Vatan oldidagi sadoqat, intizom va masʼuliyat ramzi sifatida juda taʼsirli va koʻtarinki ruhda oʻtkazildi. Mehmonlar ushbu jarayonda bevosita ishtirok etib, yangi harbiy xizmatchilarga sertifikatlarni tantanali ravishda topshirdilar. Jami 171 nafar tinglovchi belgilangan namunadagi hujjatlarni qabul qilib oldi.
Tadbir davomida Milliy gvardiya qoʻmondonining oʻrinbosari polkovnik A.Sarmonqulov Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni general-polkovnik B.Tashmatovning qasamyod qilayotgan yosh harbiylarga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi. Unda soʻnggi yillarda Milliy gvardiya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan 45 kunlik maxsus oʻquv dasturi orqali yosh xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi, ruhiy barqarorligi, maxsus bilim va koʻnikmalarini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, tabrikda har bir harbiy xizmatchining Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishi, intizom va masʼuliyatni hayotiy tamoyil sifatida qabul qilishi zarurligi alohida qayd etildi hamda ularga kelgusi xizmat faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab qolindi.
Marosim davomida mehmonlar, ota-onalar va faxriylar ham soʻzga chiqib, yosh harbiylarga ezgu tilaklarini bildirdilar. Ular Milliy gvardiya safida xizmat qilish katta sharaf ekanini taʼkidlab, yoshlarning Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishiga ishonch bildirishdi.
Tadbir yakunida oʻquv yigʻinida oʻzining namunali intizomi, faolligi va yuqori natijalari bilan ajralib turgan bir guruh tinglovchilar Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari tomonidan tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar. Bu esa yosh xizmatchilar uchun yanada katta ragʻbat va motivatsiya boʻlib xizmat qildi.
Tadbir soʻngida Milliy gvardiya namunali harbiy orkestrining badiiy chiqishlari, qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali namoyishlar hamda vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar barcha ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi. Marosim koʻtarinki ruhda, Vatanga sadoqat va fidoyilik tuygʻulari bilan yakunlandi.