9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Avlodlar uchrashuvi” hamda “Bizning qahramonlar” kitobiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbir xalqimizning tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning yorqin xotirasini e’zozlash, ularning jasorati va matonatini yosh avlodga namuna sifatida targ‘ib etish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirda Milliy gvardiya Markaziy faxriylar kengashi a’zolari, harbiy xizmatchilar, o‘quvchi-yoshlar hamda xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan gvardiyachilarning oila a’zolari ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘z olganlar Vatan himoyasi yo‘lida jon fido qilgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning qahramonligi, mardligi va fidoyiligi hech qachon unutilmasligini, ularning hayoti va jasorati bugungi yoshlar uchun chinakam ibrat maktabi ekanligini alohida ta’kidladilar.
Shundan so‘ng xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasiga bag‘ishlangan videoroliklik namoyish etildi. Ta’sirchan lavhalar tadbir ishtirokchilarida chuqur taassurot qoldirib, qahramonlar xotirasiga hurmat va ehtirom tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Tadbirning asosiy qismida “Bizning qahramonlar” kitobining yaratilishi, uning mazmun-mohiyati hamda ushbu kitob orqali qahramon harbiylarning hayoti va xizmat faoliyatini keng jamoatchilikka yetkazish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Jumladan, Jamoat xavfsizligi universiteti kafedra boshlig‘i o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, mayor G'.Mirzayev kitobning ma’naviy ahamiyati, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi o‘rni haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Tadbir davomida Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan marhum harbiy xizmatchi, kichik serjant R.Tolipovning farzandi, Jamoat xavfsizligi universiteti 4-bosqich kursanti Olimjonov Shuxratbek Ravshanbek o‘g‘lining samimiy va ta’sirli nutqi barcha ishtirokchilarning qalbidan chuqur joy oldi. U otasining Vatanga sadoqati va mardligi bilan faxrlanishini bildirib, bugungi tinch hayot ortida katta jasorat va fidoyilik mujassam ekanini ta’kidladi.
Tadbirning badiiy qismi ham ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, ajdodlar xotirasiga hurmat, jasorat va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.