Milliy gvardiya qo‘mondoni general-polkovnik B. Tashmatov raisligida 2026-yilning o‘tgan olti oyi davomida tizimda amalga oshirilgan ishlar va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor tarzidagi Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Milliy gvardiya qo‘mondoni general-polkovnik B. Tashmatov raisligida 2026-yilning o‘tgan olti oyi davomida tizimda amalga oshirilgan ishlar va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor tarzidagi Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tahliliy va tanqidiy ruhda o‘tgan mazkur yig‘ilishda Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosarlari, tarkibiy va hududiy boshqarmalar boshliqlari, ta’lim muassasalari va harbiy qismlar komandirlari, shuningdek, sohaga oid mas’ul rahbarlar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni kun tartibidagi masalalarga o‘tishdan avval dunyo va mintaqamizda sodir bo‘layotgan, mamlakatimizga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy va harbiy-siyosiy vaziyatga to‘xtalib, bir qator misollar keltirib o‘tdi.
Shuningdek, bunday tahdid va xavflarning oldini olish maqsadida Muhtaram Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan kuch tuzilmalarining har tomonlama shayligiga alohida e’tibor qaratilayotganiga urg‘u berildi.
Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar Milliy gvardiyaning jangovar salohiyatini yanada oshirishga hamda vaziyat o‘zgarganda unga tezkor ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlarini kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, kun tartibiga kiritilgan asosiy yo‘nalishlardan bo‘lgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining jangovar shayligi va maxsus tayyorgarligi, jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, bo‘linmalarda shaxsiy tarkib orasida harbiy intizom va qonunchilikni mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikni takomillashtirib borish hamda moddiy-texnik ta’minot masalalari kabi muhim masalalar tahliliy va tanqidiy jihatdan ko‘rib chiqildi.
Mazkur yo‘nalishlarda qo‘mondon o‘rinbosarlari va mas’ul rahbarlar o‘z ma’ruzalari bilan viloyatlar kesimida hisobotlar berishdi. O‘z o‘rnida, Qo‘mondon tomonidan mavjud kamchiliklar va ularni kechiktirmasdan, o‘z vaqtida bartaraf etish chora-tadbirlari yuzasidan muhim vazifalar belgilab berildi.
Qo‘mondon tomonidan yuqorida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan shaxsiy tarkibning qat’iy intizomi, harbiy burch va xizmat majburiyatlarini bajarishda komandirlarning shaxsiy namuna bo‘lishlari, shuningdek, barcha rahbar va harbiy xizmatchilarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish, xizmat jarayonlarini tanqidiy tahlil qilishni kundalik me’yorga aylantirish borasida aniq vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, kelgusida tizim oldida turgan muhim vazifalar va ularni amalga oshirish yuzasidan ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar hamda Milliy gvardiya boshqaruv organi va bo‘linmalarining 2026/2027 o‘quv yiliga mo‘ljallangan asosiy tadbirlar rejasining amaliy ijrosini to‘liq ta’minlash va qat’iy nazoratga olish yuzasidan tegishliligi bo‘yicha topshiriqlar berildi.