UYUSHMAGAN YОSHLARNING TOG‘ BAG‘RIDA O‘TGAN XARBIYCHA BIR KUNI
O‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol va jismonan sog‘lom, ruhan tetik qilib voyaga yetkazishda harbiycha intizomning o‘rni alohida ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Milliy gvardiya qo‘mondonligi tashabbusi bilan poytaxt yoshlari va mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari uchun tashkil etilgan Bo‘stonliq tumani tabiat qo‘yniga sayohat shular jumlasidan. Yoshlarning barchasi harbiy libosda, ular harbiylarga xos tartib intizomni o‘zlarida his etishdi.
Dastavval sayohat tumandagi “Chinorlar saylgohi” dan boshlanib, keyingi manzil qir adirlar bag‘ri bo‘ldi.
Yoshlarni harbiy xizmatchilar milliy o‘yinlarimiz sanalgan Varrak sayli va arqon tortish musobaqalarini o‘tkazish uchun kutib olishdi. O‘yinlarning qoidalari tushuntirilgach, bolalar varrak uchirish mahoratlarini namoyish qilishdi. Arqon tortish musobaqasi ham murosasizligi bilan esda qolarli bo‘ldi. Har bir jamoa bir-biridan o‘zishga harakat qildi.
Tabiat qo‘ynida turli hodisalar ham ro‘y berishi mumkin. Bu haqda harbiy tibbiy yordam vakillari jarohat olganda dala sharoitida ko‘rsatiladigan birinchi tez tibbiy yordam haqida o‘quvchilarga tushuntirib berishdi. Tushlik ham tog‘ yon bag‘irlaridagi tabiat qo‘ynida o‘tkazilganligi bilan yoshlar yodida bir umr saqlanadigan bo‘ldi. Psixologik trening esa ularni jamoaviy bo‘lib ishlash, shaxsni shakllantirish, erkin fikrlash va xarakterlarini aniqlash kabilarga yo‘naltirildi.
Tadbir so‘ngida muddatli harbiy xizmatchilar o‘quvchilar uchun o‘z sahna ko‘rinishlarini namoyish etishdi va faol yoshlar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi. Bir so‘z bilan aytganda ularning bir kuni juda mazmunli va taassurotlarga boy tarzda o‘tkazildi.