Sportning kurash turi bo‘yicha Milliy gvardiya tizimida kuchlilar aniqlandi
Qadimiy va navqiron Buxoro shahri yana bir bor yurtimiz sport ixlosmandlarini o‘ziga jamladi. Sportning milliy faxrimiz bo‘lgan kurash turi bo‘yicha gvardiyachilar o‘rtasida "O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi birinchiligi" musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
An’anaviy tarzda tashkil etilgan mazkur bellashuvda mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 100 nafardan ortiq gvardiyachilar 8 ta vazn toifasida gilam ustida bahs olib borishdi. Musobaqa davomida harbiy sportchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, kuch-quvvati va professional mahoratini namoyon etib, chaqqonlik, iroda va matonatlarini sinovdan o‘tkazishdi. Har bir g‘alaba — yillar davomida mehnat bilan erishilgan natijaning ifodasi bo‘ldi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Milliy gvardiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi jamoasi egalladi, 2-o‘rin Milliy gvardiyaning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi jamoasiga nasib etdi, 3-o‘rin esa 98244-sonli harbiy qism jamoasiga berildi.
Bunday sport musobaqalari Milliy gvardiya tizimida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, gvardiyachilarning jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash hamda ular orasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirib, do‘stona aloqalarni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.