Joriy yilning 28 iyul kuni Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vaziri S.Soyluning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R. Djurayev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Milliy gvardiyaning Turkiya Politsiyasi va Jandarmeriyasi bilan jamoat xavfsizligini taʼminlash, kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish sohalarida hamkorlikni yana-da kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Muloqot davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stona va strategik sheriklik munosabatlari ikki tomonlama aloqalarni barcha yo‘nalishlarda rivojlantirishning muhim omili ekanligi taʼkidlandi. Do‘stona va ishchan muloqot ruhida o‘tgan tadbir yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirishga, qo‘shma amaliy trening va kurslar sonini oshirishga, taʼlim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga kelishib olindi. Milliy gvardiya Xalqaro hamkorlik boshqarmasi
Ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va o‘zaro tajriba almashish maqsadida joriy yilning 22-25 iyun kunlari Milliy gvardiya delegatsiyasining Turkiyaga rasmiy tashrifi amalga oshirildi.Delegatsiyani Turkiya Jandarmeriyasi Bosh qo‘mondoni armiya-generali Arif Chetin kutib oldi.Do‘stona va samimiy ruhda o‘tkazilgan muzokaralar davomida, tomonlar xavfsizlikni taʼminlash, kadrlarni tayyorlash va terrorizmga qarshi kurashish sohalarida o‘zaro tajriba almashish va amaliy hamkorlikni davom ettirish borasida qator ijobiy kelishuvlarga erishildi. Turkiya generali Arif Chetin O‘zbekiston Milliy gvardiyasi bilan samarali hamkorlik aloqalarni barcha yo‘nalishlarda kengaytirishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.Shu bilan birga tashrif davomida, delegatsiya aʼzolari Turkiya Jandarmeriyasi Bosh qo‘mondonligi, Jandarmeriya va sohil xavfsizligi Akademiyasi, Nevshexir va Istanbul shaharlari Jandarmeriyasi boshqarmalari hamda Sohil xavfsizligi va Marmara bo‘g‘ozi bo‘linmalari qo‘mondonligi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.Tashrif o‘zaro hurmat va ishonch ruhida bo‘lib o‘tdi.
Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi harbiy devoni bilan hamkorlik doirasida Milliy gvardiya orkestrlari (Alohida harbiy namunali-ko‘rgazmali orkestr, Jamoat xavfsizligi universiteti, 65921 harbiy qismi, harbiy-musiqa akademik litseyi) va Buyuk Britaniya Uels malikasi Qirollik polkining orkestri bilan ijodiy uchrashuvi tashkil etildi. Tashrif davomida Qirollik polki musiqachilarining O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tarkibiga kiruvchi harbiy orkestrlar - Alohida harbiy namunali-ko‘rgazmali orkestri, Jamoat xavfsizligi universiteti orkestri, Milliy gvardiya harbiy-musiqa akademik litseyining yosh musiqachilari bilan ijodiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv Milliy gvardiya "Temurbeklar maktabi" harbiy-akademik litseyida o‘tkazilib, suhbat davomida mehmonlarga litseyda yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv mashg‘ulotlari, kutubxona, muzey va o‘quv jarayoni, harbiy-akademik litseylarni tashkil etish tarixi, muassasaning maqsad va vazifalari hamda nomzodlarni qabul qilish shartlari haqida maʼlumotlar berildi. Ikki do‘st mamlakat harbiy musiqachilari o‘rtasida ham muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar musiqachilarni tanlash va tayyorlash, zamonaviy harbiy musiqani rivojlantirish tendensiyalari hamda tantanali bayramlarda ishtirok etish borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Suhbat chog‘ida kelgusidagi ikki tomonlama ijodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Rasmiy qismdan so‘ng mehmonlarga o‘zbek milliy asboblar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Milliy gvardiya musiqachilari va Uels malikasi polkining orkestri bilan birgalikda harbiy yurishlar va boshqa musiqiy kompozitsiyalar mavzusida kuylar ijro qilishdi.
Milliy gvardiya tashabbusi bilan Hindiston Milliy xavfsizlik gvardiyasi bosh direktori M.A. Ganapati boshchiligidagi delegatsiya ilk bor O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurdi.Bundan avval, joriy yilning 25 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-mayor R.Djurayevning Hindiston Milliy xavfsizlik gvardiyasi bosh direktori M.A. Ganapati bilan video-konfrens-aloqa shaklida ushrashuvi o‘tkazilib, unda boshqarma rahbarlari tomonidan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab oldingan hamda O‘zbekiston va Hindiston Milliy gvardiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi.Milliy gvardiya Markaziy devonida mutassadi rahbarlarining tantanali yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda Milliy gvardiya vakillari, Hindiston delegatsiya aʼzolari, shuningdek, mamlakatimizdagi Hindiston elchixonasidan harbiy attashe ishtirok etdi.Muloqot chog‘ida amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirish va idoralararo hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.Hindiston delegatsiyasi rahbari o‘z nutqida samimiy qabul uchun minnatdorlik isʼhor etib, Hindiston tomon xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurashish sohasida tajriba almashish hamda qo‘shma amaliy tadbirlar tashkil etishga tayyorligini bildirdi.Tadbir yakunida 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan amaliy hamkorlik rejasi imzolandi. Ushbu rejada jangovar va maxsus tayyorgarlik sohasida o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha qator qo‘shma, amaliy tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.Shundan so‘ng, Milliy gvardiya Markaziy devoni hovlisida anʼanaviy daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.Tashrif dasturiga ko‘ra, Hindiston delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetiga, shuningdek, Milliy gvardiyaning Toshkent shahri va Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmalariga tashrif buyuradi.Mehmonlarni qabul qilish dasturi doirasida O‘zbekistonning tarixiy joylari va shaharlariga sayohatlar ko‘zda tutilgan.Delegatsiyaning tashrifi anʼanaviy do‘stona muhitda, ishonch va o‘zaro hurmat ruhida o‘tmoqda.
Ikki tomonlama hamkorlik doirasida Turkiya Jandarmeriyasi Bosh qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari, armiya generali A. Chardakchi boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif "Yangi O‘zbekiston" istirohat bog‘i hamda Mustaqillik monumenti bilan tanishishdan boshlandi. So‘ngra, Milliy gvardiya Markaziy devonida Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida tomonlar o‘zaro fikr almashib, ikki tomonlama hamkorlikning holati hamda yaqin istiqboldagi amaliy hamkorlik rejalari muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida tomonlar Turkiya Jandarmeriyasi Bosh qo‘mondoni, armiya generali A. Chetinning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ilgari erishilgan kelishuvlar doirasida kadrlar tayyorlash, qo‘shma amaliy tadbirlar, seminar va treninglar tashkil etish sohasidagi hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Tashrif dasturiga ko‘ra delegatsiya aʼzolari "Temurbeklar maktabi", Toshkent harbiy-akademik litseyi faoliyati va o‘quv jarayoni bilan tanishdilar va shu bilan bir qatorda, Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi, Buxoro viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi hamda Milliy gvardiya Kavaleriya eskadronida bo‘ldilar. Bundan tashqari, mehmonlar "Ming O‘rik" arxeologik muzeyiga ham tashrif buyurib, O‘zbekiston Davlat sanʼat muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishdilar. Delegatsiya aʼzolarining tashrifi anʼanaviy do‘stona muhitda, ishonch va o‘zaro hurmat ruhida bo‘lib o‘tdi. Xalqaro hamkorlik boshqarmasi
Joriy yilning 9 may kuni ikki tomonlama hamkorlik doirasida Qirg‘iziston Respublikasi Qurolli Kuchlari Milliy gvardiyasi qo‘mondoni polkovnik T.Ergeshov boshchiligidagi delegatsiya Toshkentga tashrif buyurdi. Ilgari, O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan rahbarlarning idoralararo hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish istiqbollari yuzasidan video-konferens-aloqa shaklida muzokaralari bo‘lib o‘tgan edi. Tashrif Yangi O‘zbekiston bog‘iga gullar qo‘yish va Mustaqillik monumenti bilan tanishish marosimidan boshlandi. Shundan so‘ng, Milliy gvardiya Markaziy devonida Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda qo‘mondon o‘rinbosarlari, Markaziy devon boshqarma boshliqlari, brigada komandirlari, shuningdek, Jamoat xavfsizligi universiteti va Milliy gvardiya ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi rahbarlari ishtirok etib, hududiy boshqarmalar va hududiy o‘quv markazlaridan rahbarlar video-konferens-aloqa orqali qatnashishdi. Uchrashuv davomida tomonlar yaqin istiqboldagi amaliy hamkorlik rejalarini muhokama qilib, ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Qirg‘iziston Respublikasi Qurolli kuchlari Milliy gvardiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumini imzoladilar. Tashrif dasturiga ko‘ra, delegatsiya aʼzolari Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent "Temurbeklar maktabi" harbiy akademik litseyi faoliyati va o‘quv jarayoni bilan tanishib,shu bilan bir qatorda G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasidagi "Shon-sharaf muzeyi" ga tashrif buyurdilar. Delegatsiya aʼzolarining tashrifi anʼanaviy do‘stona muhitda va o‘zaro hurmat ruhida bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning 18 aprel kuni O‘zbekiston tomonining taklifiga binoan, Qozog‘iston Respublikasi Milliy gvardiyasi Oliy Bosh qo‘mondoni o‘rinbosari general-mayor A.Matkarimov boshchiligidagi delegatsiya poytaxtimizga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Qozog‘iston delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-mayor R. Djurayev bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida tomonlar o‘zaro fikr almashdi, shu bilan bir qatorda, ikki tomonlama hamkorlikning holati va yaqin kelajakdagi amaliy hamkorlik rejalari muhokama qilindi. Qozog‘iston delegatsiyasi tashrif dasturiga muvofiq ular Toshkentdagi "Temurbeklar maktabi" harbiy akademik litseyi, Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasining o‘quv markazi va O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida bo‘ldi. Taʼlim muassasalariga tashrif davomida mehmonlar taʼlim tizimi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Qozog‘iston Respublikasi Milliy gvardiyasi delegatsiyasining tashrifi do‘stona ruhda o‘tmoqda. Xalqaro hamkorlik boshqarmasi
Joriy yilning 14 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-mayor R. Djurayev hamda Birlashgan Arab Amirliklarining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Said Matar al-Kamzi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakili, Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘i va Milliy gvardiya Markaziy devonining boshqa masʼul rahbarlari ishtirok etishdi. Maqsad – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Birlashgan Arab Amirliklari Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish masalalarini muhokama qilish. Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni Birlashgan Arab Amirliklarining O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi Rahbarini O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining asosiy vazifa va funksiyalari bilan tanishtirdi. O‘z navbatida, janob Said Matar al-Kamzi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Birlashgan Arab Amirliklari Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida jamoat tartibini saqlash, ichki xavfsizlik va muhim davlat obyektlarini qo‘riqlash sohasida hamkorlikni o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti va BAA Politsiya Akademiyasi o‘rtasida harbiy taʼlim sohasida hamkorlikni ishlab chiqishga kelishib olishdi. Uchrashuv do‘stona muhitda, konstruktiv muloqot ruhida o‘tdi.
O‘zbekistonga tashrifi davomida Amerika Qo‘shma Shtatlarining Missisipi shtati Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-mayor Jenson Boylzning joriy yilning 29 mart kuni Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Deniyel Rozenblyum ham ishtirok etdi. Muloqot davomida tomonlar o‘zaro faoliyatga oid masalalarni muhokama qilishdi. Xususan, general-mayor J.Boylz Milliy gvardiya vakillarining mamlakatdagi tabiiy ofatlar, shu jumladan Katrina to‘foni oqibatlarini bartaraf etishdagi ishtiroki to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdi. Uchrashuvda tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda holatlar oqibatlarini bartaraf etish, murakkab sharoitlarda birinchi yordam ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish, amaliy seminar va mashg‘ulotlar o‘tkazishga kelishib olindi. Tashrif doirasida AQSH delegatsiyasi Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti, Buxoro viloyati va Toshkent shahar Bektemir tumani Qo‘riqlash boshqarmalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Tashrif yuqori saviyada o‘zaro do‘stona ruhda amalga oshirildi. Milliy gvardiya Xalqaro hamkorlik boshqarmasi
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Xalqaro hamkorlik boshqarmasi tomonidan xalqrao hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan joriy yilning 17 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-mayor R.Djurayevning Saudiya Arabistoni Qirolligining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Yusuf Al -Utaybi bilan uchrashuvi tashkil etildi. Maqsad - O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Saudiya Arabistoni Qirolligi Milliy gvardiyasi o‘rtasida hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish masalalarini muhokama qilish. Muzokaralar davomida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni Saudiya Arabistoni Qirolligi O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi Rahbarini O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining asosiy vazifa va funksiyalari bilan tanishtirdi. O‘z navbatida, janob Yusuf Al -Utaybi o‘zbek tomonining tashabbusini qo‘llab-quvvatladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Saudiya Arabistoni Qirolligi Milliy gvardiyalari o‘rtasida hamkorlikni o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Umuman, uchrashuv davomida tomonlar xavfsizlik va huquq tartibotni saqlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha fikr almashdilar. O‘zaro tanishuv tashriflari, qo‘shma seminar, trening hamda amaliy o‘quvlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Milliy gvardiya Xalqaro hamkorlik boshqarmasi
O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Ispaniya Qirolligi fuqarolik gvardiyasi vakillari o‘rtasida video-konferens-aloqa shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda birinchi kotib – Konsullik boshqarmasi boshlig‘i Sh.Adilov va O‘zbekiston Respublikasining Ispaniya Qirolligidagi elchixonasi birinchi kotibi U.Yo‘ldoshevlar ishtirok etdi. Tomonlar, birinchi navbatda, faoliyatning barcha yo‘nalishlari, jumladan, xavfsizlik sohasida ham ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Suhbat davomida harbiy xizmatchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash, qo‘shma mashg‘ulotlar va treninglar o‘tkazish, shuningdek, maxsus kuch bo‘linmalarining amaliy tajribasini almashish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Konstruktiv muhitda o‘tgan video-konferens-aloqa natijasida 2022-yilda va keyingi yillarda bir qator qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-mayor R.Djurayev va Qirg‘iziston Respublikasi Qurolli kuchlari Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, polkovnik T.Ergeshov o‘rtasida video-konferens-aloqa shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida, idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish masalalari muhokama qilindi hamda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Tadbir yakunida, tomonlar barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Uchrashuv do‘stona va konstruktiv muloqot ruhida o‘tdi. Xalqaro hamkorlik boshqarmasi